Ma'naviyat va ma'rifat markazimiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-fevraldagi "O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Ma'naviy-ma'rifiy faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-4163-son qarori asosida tashkil etilgan.
Davlatimiz rahbari tomonidan yuqori malakali, harbiy-vatanparvarlik burchiga sadoqatli, fidoyi va jasur harbiy xizmatchilarni tarbiyalash masalalari O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi va hududiy yahlitligini himoya qilishning muhim shartlaridan biri sifatida belgilab kelingan.
2018 yilda Vazirlar Mahkamasi tomonidan yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash konsepsiyasi tasdiqlandi. Uni amalga oshirish chora-tadbirlari dasturida yoshlarni milliy g‘oya va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash borasida keng ko‘lamli ishlar ko‘zda tutilgan.
Bundan ko‘zlangan maqsad, mamlakatimiz yoshlarining qalbiga Vatanni himoya qilish haqiqiy vatanparvarning sharafli va muqaddas burchi ekanligini singdirishdir.
Shu maqsadda yoshlarda davlatimiz mustaqilligi va ravnaqi uchun fidokorona kurashgan tariximiz va madaniyatimiz qahramonlari bilan faxrlanish tuyg‘usini uyg‘otish, ularga munosib voris tarbiyalash hamda armiyamizning kuch va qobiliyatiga ishonchni mustahkamlashga qaratilgan tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Ayniqsa, Vatan muhofazasini o‘z kasbi sifatida tanlagan o‘g‘il-qizlarimizda, armiyamiz jismoniy va ma'naviy jihatdan tayyor yoshlarga muhtojligini va Vatanni himoya qilish O‘zbekiston fuqarosi uchun muqaddas burch ekanligini shakllantirish vazifalari dolzarbdir.
Milliy gvardiya harbiy xizmatchi va xodimlari jahon hamda mintaqaviy jarayonlarni baholashda doimo milliy manfaatlarimizdan kelib chiqishi muhimdir.
Buning uchun esa ular turli ichki va tashqi tahdidlarga qarshi mafkuraviy immunitetga ega bo‘lishi, har qanday vaziyatda tezkor va mustaqil qaror qabul qila olishi, harbiy-texnik vositalardan unumli foydalana olishi, nafaqat harbiy sohada balki boshqa sohalarda ham O‘zbekiston manfaatlarini himoya qilishga doimo tayyor turishi zarur.
Prezidentimizning 2018 yil 4-avgustdagi "O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining ma'naviy-ma'rifiy saviyasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida"gi Farmonida yuqori malakali, harbiy-vatanparvarlik burchiga sadoqatli, fidoyi va jasur harbiy xizmatchilarni tarbiyalash vazifalari aniq ko‘rsatilgan.
Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha qabul qilingan Konsepsiya asosida armiya va xalq birligini ta'minlash borasida mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning kuchaytirilishi milliy armiyamiz saflarini ko‘nikma va kasbiy mahoratga ega, mustahkam irodali yoshlar bilan to‘ldirish imkonini berayotgani ta'kidlangan.
Qisqa muddat ichida milliy armiyamizni izchil isloh qilish, mamlakatimiz mudofaa salohiyatini mustahkamlash, har tomonlama yetuk harbiy kadrlar tayyorlash borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, Prezident o‘z farmonida mamlakatimiz hayotidagi haqiqiy ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar bilan hamohang ravishda harbiy xizmatchilarning bilim darajasini oshirishda hali ham duch kelayotgan muammolar mavjudligini,shuningdek, ilm-ma'rifatga asoslangan hayotiy va kasbiy ko‘nikmalar, dunyoda va atrofimizda ro‘y berayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda yondashish, ichki va tashqi tahdidlarga qarshi mafkuraviy immunitetni mustahkamlash zururligini ta'kidladi.
Xususan, oliy harbiy ta'lim muassasalarida ma'naviy-ma'rifiy yo‘nalishda dunyoqarashi keng bo‘lgan ofiserlarni tayyorlash, shuningdek, Qurolli Kuchlar tizimida ma'naviy-ma'rifiy va madaniy sohani tashkil etish uchun zarur bo‘lgan infratuzilma ham Farmonda belgilangan talablarga javob bermaganligi keltirilib, ma'naviy-ma'rifiy ishlarni tashkil etish bo‘yicha davlat va jamoat tashkilotlari bilan samarali hamkorlik qilinmaganligi aytib o‘tildi.
Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tizimida ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tizimida ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish konsepsiyasi va Konsepsiya qoidalarini amalga oshirish uchun yo‘l xaritasi tasdiqlandi.
Konsepsiyaning asosiy maqsadi keng dunyoqarashga, mustahkam ishonch va kuchli irodaga ega, ma'naviy boy hamda fidoyi, ajdodlarimizning bebaho merosi asosida yashaydigan Vatan himoyachilarini barkamol inson qilib tarbiyalash, ularning dunyoqarashini, mantiqiy, ijodiy va tahliliy fikrlash doirasini kengaytirish,mamlakat taqdiri uchun yuqori mas'uliyat kabi muhim sifatlarni shakllantirishdir.
Konsepsiyada belgilangan vazifalar quyidagilardan iborat:
harbiy xizmatchilarga amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning mazmun-mohiyati, qabul qilingan qonun hujjatlari, davlat dasturlari, ularning jahon va mintaqadagi globallashuv jarayonlariga ongli munosabati va faol hayotiy pozisiyasi, burch, mas'uliyat va fidoyilikni oshirish bo‘yicha tizimli va uzluksiz muloqot;
buyuk ajdodlar va jasur zamondoshlar hayotini keng targ‘ib qilish, harbiy xizmatchilar o‘rtasida "O‘zbekiston xalqi hech qachon, hech kimga qaram bo‘lmaydi" degan hayotiy g‘oyani mustahkamlash asosida milliy merosning tarixiy ildizlarini o‘rganish va tahlil qilish;
islom dinining asl mohiyati va mazmunini chuqur tushuntirish orqali harbiy xizmatchilarga mehr-oqibat, mehr-muruvvat an'analarini singdirish, insonparvarlik va bag‘rikenglik tuyg‘ularini shakllantirish, ularni milliy madaniyat va qadriyatlarimizga hurmat, fidoyilik va halollik ruhida tarbiyalash, odob-axloq, mustaqil fikrlash va sog‘lom turmush tarziga targ‘ib qilish;
harbiy xizmatchilarning estetik tarbiyasini oshirish, madaniyat va san'atning turli sohalariga qiziqishini kuchaytirish, buning uchun adabiyot, kino, teatr, tasviriy san'at imkoniyatlaridan tizimli asosda keng foydalanishni joriy etish.
Shunday qilib, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Ma'naviyat va ma'rifat markazining tashkil etilishi ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarni yanada takomillashtirish borasidagi keng ko‘lamli ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Ma'naviyat va intellektual salohiyatni yuksaltirish hamda dunyoqarashni kengaytirishda ma'rifat, madaniyat, san'at va sportning naqadar muhim ahamiyat kasb etishi inobatga olinib, Milliy gvardiya Ma'naviyat va ma'rifat markazi tuzilmasida bir qancha yo‘nalishlar bo‘yicha tadbirlar amalga oshirilmoqda. San'at, sportning bir qator turlari hamda IT-texnologiyalari bo‘yicha to‘garaklarlar tashkil etilib, ashula va raqs ansambli hamda ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘lim boshliqlari maqomi Markaz rahbarlarining muovinlari darajasiga ko‘tarildi.