Qarshi shahrida Milliy gvardiya tasarrufidagi yangi qad ko‘targan sport majmuasining ochilish marosimi o‘tkazildi va foydalanishga topshirildi

25.Mar.2024

Respublikamiz bo‘ylab Navro‘z-umumxalq bayrami keng nishonlanayotgan ayni kunlarda, Qarshi shahrida Milliy gvardiya tasarrufidagi yangi qad ko‘targan sport majmuasi hamda “Sho‘rtan” mahallasi uchun tashkil qilingan bolalar-sport maydonchasi foydalanishga topshirildi.
Ushbu tantanali tadbir viloyat hokimi M.Azimov va Milliy gvardiya qo‘mondoni - O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari qo‘l jangi federatsiyasi (Oʻzbekiston kamondan otish Federatsiyasi) raisi R.Djurayev ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat sektor rahbarlari, hududiy mahalla yettiligi, mahalla raisi va ushbu hududda joylashgan 43-sonli maktab direktori, faxriylar, shuningdek sportning “Qo‘l jangi”, “Kamondan otish” va “Milliy kurash” turlari bilan shug‘ullanib kelayotgan maktab o‘quvchilari hamda mahalliy yoshlar, federatsiya rahbarlari, sport ustalari va murabbiylar ishtirok etishdi.
Tantanali marosimda so‘zga chiqqan Milliy gvardiya qo‘mondoni va viloyat hokimi tomonidan barcha ishtirokchilarga bayram munosabati bilan samimiy tilaklar bildirildi. Shuningdek, Navro‘z-umumxalq bayrami bilan, Yurtboshimizning mamlakatimiz aholisiga yo‘llagan bayram tabrigi mazmun mohiyatiga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Davlatimiz rahbarining yoshlarni har tomonlama kamol topishiga berayotgan alohida eʼtiborlari natijasida, so‘nggi yillarda yurtimizda yoshlar orasida sportni ommalashtirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, Qashqadaryo viloyatida 2021 yildan bugunga qadar,
“Qo‘l jangi” bo‘yicha seksiyalar soni 10 tadan 36 taga ko‘paydi, 900 nafar sportchilar ishtirokida 20 ta viloyat va respublika miqyosidagi musobaqalar tashkil etildi va ularda 3,6 ming nafar yoshlar qamrab olindi.
Bugungi kunda “Qo‘l jangi” bo‘yicha Qashqadaryo viloyatidan bir qator sportchilarimiz jahon arenalarida faxrli o‘rinlarni egallab kelishmoqda.
Xususan, Qashqadaryodan chiqqan jahon chempionlari Olimjon Nomurodov, Og‘abek Qodirov, Meliqul Eshnazarov va Aslbek Boboyevlar hamda Belorus va Italiya davlatlarida o‘tkazilgan jahon kubogi sovrindorlari Orifjon Normurodov va O‘g‘iloy Jumanovalar shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, Qashqadaryo viloyatida hozirgi kunda ommalashib borayotgan sportning “Kamondan otish” turi bo‘yicha seksiyalar soni 1 tadan 71 taga ortib, sportchilar soni 14 nafardan 1 017 nafarga yetgan.
Ushbu sport turi bo‘yicha 68 ta musobaqa, 441 ta o‘quv mashg‘uloti tashkil etilib, 18 ming nafardan ziyod yoshlar va sportchilar qamrab olindi.
Bu sport turi bo‘yicha qashqadaryolik Mirkomil Mansurov, Azizbek Saypullayev, Sarvar Axmadov va Akobir Ximmataliyevlar O‘zbekiston chempionatlarida faxrli o‘rinlarni egallab kelishmoqda.
Yoshlarimizni sportga keng jalb qilgan holda ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish orqali, jismonan baquvvat, sport sohasida yetuk, shuningdek jahon arenalarida davlatimiz bayrog‘ini g‘urur bilan ko‘taradigan yurtimizga munosib bo‘lgan farzandlar yetishib chiqishiga zamin yaratilmoqda.
Yuqorida aytilgan fikrlarning mantiqiy davomi sifatida, mazkur sport majmuasiga tadbir ishtirokchilari tomonidan yuqori baho berilib, Navro‘z yangilanish va yasharish bayramida foydalanishga topshirilayotganligining ham o‘z majoziy maʼnosi borligi taʼkidlandi. Bu esa,Qashqadaryolik sportchi yoshlar va ularning murabbiylariga yana-da katta masʼuliyat yuklagan holda g‘alabaga bo‘lgan ishonch kabi oliy maqsad sari birlashtirib, yangi marralar tomon yetaklashiga katta ishonch bildirildi.
Shundan so‘ng, Milliy gvardiya qo‘mondoni buyrug‘i o‘qib eshittirilib, unga ko‘ra bir guruh sport ustalari va murabbiylar munosib rag‘batlantirildi.

Tadbirning ikkinchi qismida mehmonlar, Yangi qad ko‘targan va zamon talablariga mos sport anjomlari bilan jixozlangan “Qo‘l jangi” va “Milliy kurash” sport zallari, hamda respublikada yagona bo‘lgan “Kamondan otish” yopiq majmuasida sportchilarning ko‘zrgazmali chiqishlari hamda ular uchun yaratilgan shart-sharoitlarning guvohi bo‘ldilar. Xususan mazkur sport majmuasida bir vaqtning o‘zida 200 nafardan sportchilar shug‘illanish imkoniga ega bo‘lgan “Qo‘l jangi” va “Kurash”ning bir nechta turlari uchun sport zallari hamda 50 nafar sportchilar shug‘illanadigan sportning “Kamondan otish” turiga mo‘ljallangan yopiq zal, shuningdek sport federatsiyalarining maʼmuriy binosi bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Tadbir so‘ngida viloyat hokimi va Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan farzanlarini sport to‘garaklariga olib kelgan ota-onalar uchun ushbu hududda “Book cafe” tashkil qilish to‘g‘risida mutasaddi raxbarlarga topshiriqlar berildi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech