“Gender tenglik faoli” milliy tanlovining respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi

17.Yan.2025

Joriy yilning 16 yanvar kuni “Gender tenglik faoli” milliy tanlovining respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosimni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva qutlov so‘zi bilan ochib berdi.

 “Gender tenglik faoli” milliy tanlovi Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha Respublika komissiyasi tashabbusi bilan har yili anʼanaviy tarzda o‘tkazib kelinmoqda.

Ushbu tanlovni tashkil etishdan asosiy maqsad har bir tashkilotda gender tenglikni taʼminlashga qaratilgan siyosatni shakllantirish, sohada amalga oshirilayotgan ilg‘or tajribalarni aniqlash va ommalashtirish hamda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan iborat.

Taʼkidlanganidek, Prezident rahbarligida so‘nggi yillarda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda davlat boshqaruvi va jamiyatning barcha jabhalarida faolligini oshirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Ularning huquq va erkinliklarini to‘liq taʼminlash masalalari yangi tahrirdagi Konstitutsiyada, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va Gender tenglikka erishish strategiyasi kabi konseptual hujjatlarda o‘zining to‘liq ifodasini topgan.

Bu borada olib borilayotgan tizimli chora-tadbirlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham keng eʼtirof etilmoqda.

Xususan, Jahon banki indeksida O‘zbekiston gender tenglik sohasida dunyodagi eng tez rivojlanayotgan 5 ta mamlakat qatorida qayd etildi.

Ochiq gender maʼlumotlar indeksida eng yaxshi 20 ta davlat qatoridan joy oldi.

Gender tenglik va boshqaruv indeksida esa 103-o‘rindan 51 pog‘onaga ko‘tarilib, 52-o‘rinni egalladi.

“Gender tenglik faoli” milliy tanlovida ishtirok etish uchun 934 ta tashkilot va muassasalar tomonidan hujjatlar taqdim etildi. Ular tanlov Komissiyasi tomonidan nizom talablari asosida baholanib, 10 ta nominatsiya bo‘yicha quyidagilar g‘olib deb topildi.

“Gender tenglikni taʼminlashda eng faol respublika darajasidagi davlat organi” – O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi.

“Gender tenglikni taʼminlashda eng faol hududiy davlat organi” – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi.

“Gender tenglikni taʼminlashda eng faol tuman davlat organi” – “Ammofos-Maxam” AJ.

“Gender tenglik taʼminlashda eng faol hududiy hokimlik” – Xorazm viloyati hokimligi.

“Gender tenglik taʼminlashda eng faol tuman hokimligi” – Sharof Rashidov tuman hokimligi.

 “Gender tenglikni taʼminlashda eng faol NNT” – O‘zbekiston Milliy media birlashmasi hamda “Zakovat” intellektual klubi” NNT.

“Gender tenglikni taʼminlashda eng faol tadbirkorlik subyekti” – “Akbarjon Barakat”MCHJ.

“Gender tenglikni targ‘ib qilishga qaratilgan eng yaxshi TV-dastur” – “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi “Yuridik klinika” ko‘rsatuvi.

 “Gender tenglikni targ‘ib qilishga qaratilgan Internetdagi eng yaxshi veb-sayt yoki portal” – “Oyina.uz” maʼnaviy-maʼrifiy portali.

 “Gender tenglikni targ‘ib qilishga qaratilgan eng yaxshi nashr” – “Yangi Sirdaryo” gazetasi.

Tanlov g‘oliblari esdalik sovg‘alari va diplomlar bilan taqdirlandi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech