Bugungi kunda yosh avlodni vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash mamlakatimizdagi muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Bu borada Milliy gvardiya xodimlari va harbiy xizmatchilari tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilib, yoshlar orasida vatanparvarlik g‘oyasini keng targ‘ib qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Kuni kecha Yangi Namangan tumanida joylashgan 83-sonli maktabda Milliy gvardiya Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari hamda Qo‘riqlash boshqarmasi xodimlari ishtirokida harbiy vatanparvarlik tadbiri o‘tkazildi. Tadbirning asosiy maqsadi – yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘ularini yana-da mustahkamlash va ularni harbiy-mafkuraviy jihatdan tayyorlashdir.
Tadbir davomida nafaqat harbiy xizmatchilar bilan uchrashuv, balki yoshlar uchun qiziqarli dasturlar ham tashkil etildi. Xususan, "Uch avlod uchrashuvi" doirasida faxriylar yoshlarga o‘z hayot tajribalari, Vatanga xizmat qilishning sharafi va masʼuliyati haqida hikoya qilib berishdi. Bundan tashqari, harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi tashkil etildi, bu esa maktab o‘quvchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Kamondan otish bo‘yicha mahorat darslari ham o‘quvchilar tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilindi.
Bo`lishmoq: