Polo bo‘yicha navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini xorijlik professional mutaxassislar tomonidan olib borildi

25.Iyu.2025

Milliy gvardiya hamda O’zbekiston Polo federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan Milliy gvardiya Chavandozlar maktablarining murabbiylari va usta chavandozlari uchun ot sportining nufuzli turlaridan biri - polo bo‘yicha navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini xorijlik professional mutaxassislar tomonidan olib borildi.

Bu galgi o‘quv-mashg’ulot yig‘ini ham o’zgacha ruhda o’tib, avvalgilaridan tubdan farq qildi. Yangi yondashuvlar, interaktiv uslublar, zamonaviy jihozlar va xalqaro tajribaga tayangan metodika bu galgi mashg‘ulotlarni samaraliroq va qiziqarliroq qildi. Ayniqsa, Argentinalik xalqaro darajadagi tajribali mutaxassislar Joaquin Spillmann hamda  Bautista Luisetti ishtirokida o‘quv jarayoni Xalqaro talablar asosida, zamonaviy metodika va amaliy mashg‘ulotlar uyg‘unligida olib borildi.

Yig’in davomida ilg‘or tajribalar bilan tanishish, polo sportining zamonaviy uslublari, taktik yondashuvlari, otlarni tayyorlash metodikasi va o‘yindagi hamjihatlikda harakat qilish qoidalari hamda xavfsizlik choralariga oid yo‘riqnomalar yetkazildi.

Argentinalik mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan mashg‘ulotlar ishtirokchilar uchun katta tajriba maktabiga aylandi. Ular o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirish, polo sportida yuqori natijalarga erishish uchun zarur bo‘lgan yangi texnika va metodikalarni chuqur o‘rganish imkoniga ega bo‘lishdi.

Tarixiy meros sifatida qadrlanadigan milliy merosimizning ajralmas qismi bo‘lgan Qorabayir zotli otlarning pologa tayyorlanayotgani xorijlik professional mutaxassislarda katta hayrat va mamnuniyat uyg‘otdi.

Albatta mamlakatimizda polo sportining rivojlanish darajasi yuqori ekani, sportchilarimizning esa yetarlicha tajribaga ega bo‘lishi ularni quvontirdi. Bu sohadagi yondashuvlar va sa’y-harakatlar albatta xalqaro miqyosda e’tirofga loyiq ekanligini ta’kidlashdi.

Eng quvonarlisi shundaki, polo sportini yanada rivojlantirish, otlarni tayyorlash metodikasini takomillashtirish hamda chavandozlarni Xalqaro turnirlarga olib chiqish borasida ularga katta ishonch bildirilib, Argentinalik mutaxassislar - O'zbekiston Polo federatsiyasining rasmiy maslahatchilari etib tayinlandi.

Bu albatta O'zbekiston Republikasi Milliy gvardiyasi hamda O'zbekiston Polo federatsiyasining ularga bildirgan yuksak ishonchi bo’ldi. Polo sportini rivojlantirish yo'lida birgalikdagi hamkorliklari kelajakda yanada yuksak natijalar olib kelishiga ishonch bildirildi.

Ushbu o‘quv mashg‘ulot yig‘ini Milliy gvardiya hamda O‘zbekiston Polo federatsiyasining yaqin hamkorligida tashkil etilib, polo sportini ommalashtirish, xalqaro tajribani joriy etish hamda yosh chavandozlarni tayyorlashda muhim qadam bo‘ldi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech