Yurtimizda yosharish – yangilanish fasli bahor bayramlar bilan boshlanadi. Bahorning ilk bayrami “8 – mart Xalqaro xotin-qizlar kuni” mamlakatimizda har yili keng nishonlanadi.
Shu munosabat bilan Sizlarni, sizlar orqali yurtimizning barcha ayollarini, munis opa-singillarimiz, go‘zal qizlarimizni qutlug‘ bayramlari bilan chin dildan tabriklayman.
Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni eʼzozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo‘lib kelgan.
Ayol bilan hayotimiz go‘zal va mazmunli, xonadonlarimiz obod hamda nurafshondir.
Yurtimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oila institutini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
Bu albatta, Muhtaram Prezidentimiz Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning oqilona va uzoqni ko‘zlab amalga oshirayotgan siyosatlari natijasi hisoblanadi.
Mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida bo‘lgani kabi Milliy gvardiya tizimida ham opa-singillarimiz o‘zlarining fidoyi xizmatlari bilan yigitlar bilan bir safda turib mashaqqatli va sharafli burchlarini bajarib, jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlash, aholining huquq va erkinliklari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishda jombozlik ko‘rsatib kelmoqdalar.
Xotin-qizlarimizning fidokorona mehnati, erishgan ulkan yutuqlari, faolligi, ibratli fazilatlari davlatimiz rahbari tomonidan inobatga olinib munosib rag‘batlantirib kelinmoqda.
Ishonchim komil, Milliy gvardiya tizimida xizmat o‘tayotgan barcha opa-singillarimiz oila va jamiyatni mustahkamlash, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida bor kuch imkoniyatlarini safarbar etib, Davlatimiz rahbari va xalqimizning Milliy gvardiyaga bo‘lgan ishonchini sadoqatlari bilan oqlaydilar.
Yana bir bor barchangizni yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanayotgan, 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan tabriklab, Sizlarga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt, xonadoningizga farovonlik tilayman.
Qo‘mondon general-mayor R.Djurayev
Bo`lishmoq: