Qo’riqlash tizimi faxriylari uchun Xiva shahriga sayohat tashkil etildi

25.Noy.2024

Azaliy qadriyatlarimizga asosan, yurtimizda yoshi ulug‘, keksa otaxon va onaxonlarimiz har doim el-yurt ardog‘ida bo‘lgan. Har bir xalqning yoshlarga va keksalarga nisbatan ehtiromi uning madaniyatining va rivojlanganligining ko‘rsatkichi hisoblanadi. Shuningdek, bunday qadriyatlar har doim yurtimizning maʼnaviy asosini tashkil etgan.

Kuni kecha, Xorazm viloyati “Qo‘riqlash” boshqarmasida uzoq yillar davomida samarali faoliyat yuritgan bir guruh faxriylar uchun "Keksalar uchun turizm oyligi" doirasida Qo‘riqlash boshqarmasi maʼmuriy binosi va Xiva shahriga sayohat tashkil etildi.

Har bir sayohat, ayniqsa, yurt hududlarini qayta aniqlash va ularning tarixiy, madaniy ahamiyatini his etish imkonini beradi. Shu bois, Xiva shahri — o‘zining ko‘hna tarixi, madaniy merosi va o‘ziga xos obidalari bilan, nafaqat turistlar, balki mahalliy aholi uchun ham har doim eʼtibor markazida bo‘lgan.

Faxriylar uchun tashkil etilgan bu sayohat, ularni nafaqat Xiva shahrining noyob obidalari, balki xalqimiz tarixi va qadriyatlari bilan tanishtirishga ham xizmat qildi. Boshqarma tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbir yoshlarning ota-onalar va keksa avlodga ehtirom ko‘rsatishdagi muhim o‘rnini yana bir bor namoyon etdi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech