Huquqiy tayyorgarlik va kibermadaniyatni yuksaltirish masalalarida targ‘ibot tadbirlari bo‘lib o‘tdi

11.Iyu.2024

Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasida belgilangan ustivor vazifalar muvofiq, davlat organlarida “Yuksak huquqiy madaniyat — mamlakat taraqqiyoti kafolati” degan konseptual g‘oya asosida davlat xizmatchilarining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirib borish, ularda korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirishga qaratilgan huquqiy targ‘ibot tadbirlari tizimli ravishda tashkil etilmoqda.

Joriy yilning 8 iyul kuni Toshkent shahrida Milliy gvardiyaning “Maʼnaviyat va maʼrifat markazi”da Milliy gvardiya markaziy devoni harbiy xizmatchilari va ishchi-xizmatchilari ishtirokida huquqiy tayyorgarlik va kiber madaniyatni yuksaltirish yo‘nalishlarida huquqiy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.

Huquqiy tayyorgarlik bo‘yicha Yuridik taʼminlash va murojaatlar bilan ishlash boshqarmasi vakillari tomonidan Milliy gvardiya shaxsiy tarkibiga O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 5 iyundagi “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi O‘RQ-931-son Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 5 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonuni ijrosini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-210-son qarori haqida huquqiy axborotlar yetkazildi.

Bu borada, Milliy gvardiya organlarida manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash, oldini olish va samarali idoraviy nazorat tizimini o‘rnatish maqsadida qabul qilingan Milliy gvardiya qo‘mondoni farmoyishi, shu jumladan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida” Qonun ijrosi doirasida 2024 yilda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan “Yo‘l xaritasi” asosida amalga oshiriladigan idoraviy chora-tadbirlar, manfaatlar to‘qnashuvi holatlarining oldini olish bo‘yicha masʼul boshqarmalarning hamda Milliy gvardiyaning Korrupsiyaga qarshi kurashish idoraviy komissiyasi va Odob-axloq komissiyasining asosiy vazifalari haqida maʼlumot berildi.

Joylarda o‘tkazilayotgan “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” doirasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Kiberxavfsizlik departamenti vakillari tomonidan “Bank kartalari bilan bog‘liq firibgarliklar va ularga qarshi kurashish” mavzusida maʼruza o‘tildi. Fuqarolarning bank kartalari bilan bog‘liq firibgarliklar qurboniga aylanishining oldini olish va kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda fuqarolarda “kibergigiyena”ni shakllantirish masalalarni muhokama qilindi.

Markaziy bank xodimlari tomonidan tadbirda internet va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyatini shakllantirish, elektron to‘lov vositalaridan (bank kartalaridan) xavfsiz foydalanish, shaxsga doir maʼlumotlarni ishonchli himoya qilish va ulardan noqonuniy foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik, taqiqlangan kontentlarga qarshi «raqamli immunitet»ni shakllantirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Tadbir so‘ngida, Milliy gvardiya rahbariyati tomonidan huquqiy-maʼrifiy tadbirining Milliy gvardiya tizimida huquqiy bilimlarni yana-da mustahkamlashda muhim ahamiyatga egaligi qayd etilib, “O‘zbekiston—2030” strategiyasida asosida shaxsiy tarkibning siyosiy, maʼrifiy
va huquqiy bilimlarini yuksaltirish sohasida istiqboldagi ustivor vazifalar belgilab berildi.  

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech