Joriy yilning 15 oktabr kuni poytaxtimizning Yunusobod tumanida yangi qad ko'targan va zamon talablariga mos jihozlangan "yoshlar innovasion maskani" va "bolalar psixologiyasi markazi" binosi foydalanishga topshirildi. Yangi binoning ochilish marosimiga bag'ishlangan tantanali tadbirda O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari Z.Maxkamova, Milliy gvardiya qo'mondoni R.Djuraev, Oliy Majlis Senati yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo'mitasi raisi o'rinbosari D.Tashmuhammedova, Sog'liqni saqlash vaziri o'rinbosari E.Basitxonova, Oliy Majlisi bola huquqlari bo'yicha vakili (Ombudsman) A.Yunusova, Toshkent shahar hokimining jamoatchilik, mahalla va nuroniylar masalalari bo'yicha maslahatchisi R.Kolonov, Yunusobod tumani hokimi B.Abduvaliev, Xalq ta'limi vaziri o'rinbosari V.Rajabov, muassasa rahbari va mutaxassis xodimlari, shuningdek keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar. Tashrif buyurgan mehmonlar binoning rasmiy ochilish marosimidan so'ng, birinchi qavatda joylashgan yoshlar innovasion maskanidagi dasturlash, Aero-modellashtirish va robototexnika yo'nalishlari bo'yicha zamon talablariga mos jihozlangan o'quv sinf xonalari bilan, undan so'ng, ikkinchi qavatda joylashgan bolalar psixologiyasi markazi tarkibidagi bolalar psixologiyasi, artterapiya, geshtalt terapiya, yoga va xoreografiya bo'yicha mashg'ulotlar o'tkazish uchun barcha sharoitlar yaratilgan xonalar bilan yaqindan tanishishdi. Mazkur binoning ochilish marosimiga bag'ishlangan tadbir davomida Milliy gvardiya qo'mondoni R.Djuraev so'zga chiqib, so'nggi yillarda yangi O'zbekistonda inson qadrini ulug'lash, aholini har tomonlama qo'llab-quvvatlash, qulay mehnat va xizmat sharoitlarini yaratish yo'lida tizimli islohotlar amalga oshirilayotganligiga to'xtalib, bu borada davlatimiz rahbarining 2021 yil avgust oyidagi qarori bilan Mehribonlik muassasalari Milliy gvardiyaga biriktirilib, bir qator mas'uliyatli vazifalar yuklatilganligini yod oldi. Shu kunga qadar amalga oshirilgan samarali ishlar, ayniqsa yoshlarni axloqiy va ruhiy barkamol etib tarbiyalashda psixologlarni jalb qilgan holda amalga oshirilgan ishlarning mantiqiy davomi sifatida ushbu markaz ham tajribali mutaxassis psixologlar hamkorligida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga, ayniqsa ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan etim va qarovsiz qolgan, imkoniyati cheklangan bolalar, uyushmagan yoshlar hamda ayollarga yagona tizimda psixologik xizmat ko'rsatishga mo'ljallanganligi ta'kidlandi. Tadbir mobaynida ushbu maskanni barpo etilishida yaqindan ko'makdosh bo'lgan bir qator mutasaddilar Milliy gvardiya qo'mondonining buyrug'i bilan "Ma'naviyat a'lochisi" ko'krak nishoni, "esdalik qo'l soati" hamda "faxriy yorliq" bilan taqdirlandilar. O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari Z.Maxkamova va Oliy Majlis Senati a'zosi, madaniyat, sport va yoshlar masalalari bo'yicha qo'mita raisining o'rinbosari D.Toshmuhammedovalar ham so'zga chiqib Milliy gvardiya qo'mondoni fikrlarini qo'llab quvvatlagan holda ushbu markazning bugungi globallashuv sharoitdagi muhim o'rni va yoshlar tarbiyasidagi ahamiyatiga yuqori baho berishdi. So'zga chiqqan mutaxassislar qatori, bolalar psixologiyasi markazi boshlig'i oliy toifali psixolog Natalya Valerevna Popova ham ushbu markaz oldidagi maqsad va vazifalarga to'xtalib, yuqorida qayd etilgan fikr va mulohazalar shuningdek bildirilgan ishonch, o'zi va qo'l ostidagi mutaxassislarga ulkan mas'uliyat yuklashini ta'kidlab, tashrif buyurgan barcha mehmonlarga o'z minnatdorchiligini bildirdi.
Bo`lishmoq: