"Millat bayrog‘i" shiori ostida ko‘plab tadbirlar va aksiyalar tashkil etilmoqda

15.Noy.2024

18-noyabr – “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i” to‘g‘risidagi qonun qabul qilinganligining 33 yilligi munosabati bilan joylarda "Millat bayrog‘i" shiori ostida ko‘plab tadbirlar va aksiyalar tashkil etilmoqda. 

Milliy gvardiya bo‘linmalari harbiy xizmatchilari, kursantlari va o‘quvchilari, muddatli harbiy xizmatchilari "Millat bayrog‘i" shiori ostida o‘tkazilayotgan tadbirlarda faol ishtirok etishmoqda. 

Poytaxtimizda o‘tkazilgan ana shunday aksiyalardan birida ular yoshlarda davlat ramzlari har bir mamlakatning suvereniteti va mustaqilligini ifodalovchi muqaddas timsollar ekanligi, davlat ramzlari xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etib, shu yurtda yashovchi har bir fuqaroga g‘urur, faxr va iftixor bag‘ishlashini doimo qalblarida saqlashlari uchun bayroqlar ulashdi. 

Bayroqlarni ulashish jarayonida xorijlik mehmonlar ham bayrog‘imiz to‘g‘risida ma'lumotlarni qiziqish bilan tingladi va ko‘ksilariga taqib olishdi. Bu kabi o‘ziga xos loyihadan maqsad – yurtdoshlarimiz, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlod ongida ona yurtga, davlat ramzlariga, xususan, bayrog‘imizga nisbatan hurmat va daxldorlik hissini uyg‘otishdan iborat. Yurtdoshlarimizda milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularini kuchaytirishda, millatning o‘tmishi, buguni va ertasidan faxrlanish hissini uyg‘otishda bu kabi loyihalar alohida ahamiyatga ega.

Ko‘kda mag‘rur hilpiragan bayrog‘imizga boqib, mustaqillik, farovonlik tushunchalarining mohiyatini yanada chuqurroq anglaymiz. Yurt bayrog‘i bizni ezgu maqsadlar yo‘lida birlashtiradi. Yuksak va ulug‘ ishlarga ruhlantiradi!

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech