9 may - Xotira va qadrlash kuni

10.May.2024

9 may - Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Milliy gvardiya Maʼnaviyat va maʼrifat markazida“Uyg‘oq xotira” nomli teatrlashtirilgan konsert dasturi namoyish etilmoqda. Sana munosabati bilan 7-8 may kunlari namoyish etilgan va 10 may kuni namoyishi rejalashtirilgan mazkur asar Milliy gvardiya qo‘mondoni tashabbusi bilan, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda tizim harbiy xizmatchi va xodimlaridan iborat ijodiy guruh tomonidan tayyorlanib, unda “mashʼum urush” yillarida jasoratli ota-bobolarimiz, matonatli onalarimizning boshdan kechirgan og‘ir damlari hamda xalqimiz dardi yodga olingan.
Xalq xotirasi deganda kishi ko‘z o‘ngidan Vatan ibtidosidan buguniga qadar shu yurt, shu xalq deb kurashgan, kuch-qudrati, aql-zakovatini ayamagan, kerak bo‘lsa, shu yo‘lda jon fido qilgan ne-ne buyuk zotlar bir-bir o‘tadi. 9 may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami - bu shunchaki bayram emas, unda milliy xususiyat va yoshlarni maʼnaviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qo‘shadigan qadriyatlar mujassamdir.
Mazkur teatrlashtirilgan konsert dasturining bugungi namoyishida Milliy gvardiya qo‘mondoni R.Djurayev, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi boshlig‘i O.Hasanov, Sergeli tuman hokimi E.Shukurov, faxriy mehmonlarimiz Sergeli tumanda istiqomat qiluvchi ikkinchi jahon urushi qatnashchilari bo‘lgan 86 yoshli Malseva Svetlana Petrovna, 87 yoshli Ananyeva Nina Antonovna va 85 yoshli Askarov Ravil Nazarovich va ularning yaqinlari, shuningdek hamkor vazirliklarning mutasaddi rahbarlari, faxriylar, Vatan tinchligi yo‘lida jonini fido qilgan safdoshlarimizning ota-onalari va yaqinlari, poytaxtimizdagi mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari hamda mahalliy aholi ishtirok etishdi.
Urush faxriylari mazkur teatrlashtirilgan konsert dasturining ilk daqiqalaridayoq ko‘zlariga yosh olishdi. Ular shu onda o‘yinqaroq yoshlik chog‘lariyu, o‘sha maʼshum urush yillarini xotirlashdi. Ijodiy guruh aʼzolari tomonidan mahorat bilan ijro etilgan obrazlarda ikkinchi jahon urushi mobaynidagi xalqimiz boshiga tushgan og‘ir kunlar yoritib berildi.
Hissiyotlarni junbishga keltiruvchi sahna chiqishlari, qalbning eng tubiga yetib bordi desak hech ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Har bir sahna ko‘rinishi ijrosini yoshlar beixtiyor olqishlab turishdi. Albatta shu kabi bayram dasturlari yoshlarni elu yurtni ko‘proq sevishga undaydi, olamda mehr-muruvvat, hurmat-eʼtibor, qadr-qimmat va oqibat urug‘larining ko‘proq sochilishiga hissa qo‘shadi.

Dillarga orom va taskin bergan tadbir yakunida Milliy gvardiya qo‘mondoni so‘zga chiqib, Muhtaram Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning “9 may — Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorida Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaga hissa qo‘shgan barcha mehnat va urush faxriylariga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlarning xotirasini abadiylashtirish asosiy maqsad sifatida belgilanganini yod olib, Ushbu shonli sanani biz doimo quvonch va cheksiz iztirob bilan nishonlashimizni taʼkidlab o‘tdi. Shuningdek, Vatan ozodligi uchun, hozirgi tinch-omon kunlar uchun jang maydonlarida halok bo‘lgan ota-bobolarimizni, front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasini yod etib, ularni rag‘batlantirish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni mazmun mohiyatiga, shuningdek Davlatimiz rahbarining kuni kecha 9 may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘lagan tabrigiga xam to‘xtalib o‘tildi.
Shu bilan birga, Milliy gvardiya saflarida vatanimiz tinchligi va xalqimiz osoyishtaligi uchun o‘z jonini qurbon qilib qahramonlarcha halok bo‘lgan safdoshlarimizning yorqin xotirasini yod etish eng oliy vazifamiz ekanligi taʼkidlandi.
Ushbu sahnada namoyish etilgan Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va xodimlari tomonidan tayyorlangan “Uyg‘oq xotira” musiqali sahna ko‘rinishi ham shu maqsadda tayyorlanib, zalda o‘tirgan har bir insonning qalbida beixtiyor bugungi tinch va farovon hayotimiz, musaffo osmonimiz uchun shukronalik hamda urush qahramonlariga cheksiz minnatdorlik hisini uyg‘otganiga ishonch bildirildi.
Shuningdek, qo‘mondon sana munosabati bilan tadbir ishtirokchilariga va ular orqali barcha yaqinlariga samimiy tilaklar bildirib, mazkur musiqali sahna ko‘rinishini eʼtiborimizga taqdim etgan Milliy gvardiya Maʼnaviyat va maʼrifat markazi ashula va raqs ansambli rahbari va uning jamoasiga, shuningdek spektaklda ishtirok etgan harbiy xizmatchi va xodimlarga minnatdorchilik bildirildi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech