Shu kunlarda yurtimizda Alisher Navoiy tavalludining 584 hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, g‘azalxonlik va ruboiyxonlik kechalari, ijodiy tanlovlar o’tkazilmoqda.
Xususan, Milliy gvardiya qo’mondonligi tomonidan Turon axborot kutubxona markazida tashkil etilgan ma’naviy tadbir ham Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodiga bagʻishlandi.
Toshkent “Temurbeklar maktabi” va Milliy gvardiya Harbiy musiqa akademik litseyi o’quvchilari, muddatli va shartnoma asosidagi harbiy xizmatchilar o’rtasida “Alisher Navoiy va Bobur merosi - beqiyos ma’naviy xazinadir” mavzusida insholar tanlovi o’tkazildi.
Tanlov ishtirokchilari ulugʻ mutafakkir bobolarimiz, soʻz mulkining sultoni Alisher Navoiy hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning boy maʼnaviy merosi, asarlarida ulug‘langan g‘oyalar, ayniqsa milliy adabiyotimiz rivojiga qo‘shgan betakror hissalari boʻyicha oʻz fikr-mulohazalarini qogʻozga tushirdilar.
Tadbirning ikkinchi qismida Jamoat xavfsizligi universiteti Tarix fanlari bo’yicha falsafa doktori A.Xaydarov xalqimiz maʼnaviy dunyosining yuksalishiga ulkan hissa qoʻshgan ikki buyuk shaxsning hayoti, faoliyati, ijodiy merosi xususida ma’ruza qildi.
Shundan so’ng, Toshkent Temurbeklar maktabining “Badiiy ijod va yosh notiqlar” to’garagi a’zolari ijrosidagi Pirimqul Qodirovning "Yulduzli tunlar" asaridan Bobur hayoti haqidagi teatr tomoshasi namoyish etilgan bo’lsa, Harbiy musiqa akademik litseyi o’quvchilari esa Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur qalamiga mansub g‘azal va ruboiylardan parchalar mutolaa qilishdi.
Tanlov yakunida birinchi o‘rin Jamoat xavfsizligi universiteti kursanti O.Nuriddinovga, ikkinchi o‘rin Toshkent “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseyi o’quvchisi I.Axmatovga, uchinchi o‘rin esa kichik serjant S.Otaboyevga nasib etdi.
Kecha so‘ngida Milliy gvardiya Ashula va raqs ansambli xonandalarining Navoiy hamda Bobur bobolarimizning asarlariga bastalangan kuy va qo‘shiqlar barchaga birdek manzur bo‘ldi.
Bo`lishmoq: