Tarbiya va ma’naviyat o’chog’i bo’lgan – teatr har bir insonga hayotiy saboqlar beruvchi jonli vositadir. Teatrdan madaniy hordiq chiqarish uchungina emas, undagi namoyish etiladigan spektakllarni tomosha qilib, inson jamiyatdagi voqeliklarni, kechinmalarni teran anglashi mumkin.
Shu asnoda, Milliy gvardiya Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari va ularning oila a'zolari hamda muddatli harbiy xizmatchilarning dam olish kunini yanada maroqli o‘tkazish maqsadida Musiqali drama teatrida Maxmudxo‘ja Behbudiy qalamiga mansub "Padarkush" deb nomlangan teatr tomoshasi namoyish etildi.
Milliy gvardiya Qoraqalpog’iston Respublikasi bo’yicha boshqarmasi harbiy xizmatchilarining oila a’zolari bilan dam olish kunlari esa Xorazm viloyati Xiva shahrining tarixiy joylariga sayohat tashkil etildi.
Qadim Xivani ochiq osmon ostidagi muzey deyishlari bejizga emas. Ushbu shaharda joylashgan “Ichan qal’a”, “Dishan qal’a” kabi me’moriy yodgorliklar, qadimiy maskanlarga qilingan sayohat harbiy xizmatchilarning oila a'zolari uchun xalqimizning necha ming asrlik tarixi, asori-atiqalari, milliy-madaniy qadriyatlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatini yaratdi.
Tashkil etilgan tadbirdan asosiy maqsad, xalqimizni yurtimizning tarixiy, madaniy yodgorliklari bilan tanishtirish, milliy qadriyatlarimiz, qadimiy me’morchilik obidalariga, ajdodlarimizdan qolgan merosimizga bo‘lgan e’tiborini oshirishga qaratildi.
Bo`lishmoq: