Harbiy qismda “Uch avlod uchrashuvi” boʻlib oʻtdi

06.Yan.2025

Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Toshkent viloyatida joylashgan harbiy qismlaridan birida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan vatanparvarlik oyligi doirasida “Yangi Oʻzbekiston armiyasi-mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri” shiori ostida “Uch avlod uchrashuvi” boʻlib oʻtdi.

Tadbirda isteʼfodagi general-mayor R.Ataxanov, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Akademiyasi oʻqituvchisi polkovnik I.Kucharov, Milliy gvardiya Faxriylar kengashi raisi nafaqadagi polkovnik M.Mamayusupovlar harbiy qismga biriktirilgan Toshkent viloyati Parkent tumanidagi 5-sonli, Chirchiq shahridagi 10-sonli maktablardan tashrif buyurgan harbiy vatanparvarlikka ixtisoslashtirilgan sinf oʻquvchilari hamda muddatli harbiy xizmatchilarga bugungi milliy armiyamizning kuch qudrati va ular uchun yaratib berilayotgan sharoitlar haqida toʻxtalib oʻtishib, oʻzlarining bosib oʻtgan yoʻllari haqida soʻzlab berishdi.

Albatta mazkur uchrashuv yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida ulgʻayishiga, yurtiga, kasbiga mehr-muhabbatli boʻlishiga va xalqimizning sodiq farzandlari boʻlib kamol topishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbirda yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar, “Uch avlod uchrashuvi” soʻngida harbiy xizmatchilarning qurol bilan koʻrgazmali namoyishi, orkestr jamoasining musiqiy chiqishlari barchaga birdek manzur boʻldi. Tashrif buyurgan faxriylarimizga harbiy qism komandirining qimmatbaho sovgʻalari hamda tashakkurnomalari taqdim etildi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech