Harbiy psixologiyani rivojlantirish istiqbollari muhokama etilmoqda.

10.Okt.2024

Qurolli Kuchlar akademiyasida “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida axloqiy-ruhiy taʼminotni tashkillashtirish va harbiy psixologiyani rivojlantirish istiqbollari: muammo va yechimlar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani hamda kuch tuzilmalarining soha mutaxassislari ishtirokida oʻquv-uslubiy yigʻin oʻtkazilmoqda.

Harbiy okrug (birlashma) boshqaruv apparati axloqiy-ruhiy taʼminot boʻlimi ofitserlari, harbiy qism va muassasalarda faoliyat olib borayotgan harbiy psixologlar, Qurolli Kuchlar akademiyasining harbiy psixologiya yoʻnalishida taʼlim olayotgan kursantlar jalb etilgan tadbirda akademiya boshligʻi har qanday vaziyatda harbiy xizmatchilarda yuksak jangovar ruhni saqlab qolish qobiliyatini shakllantirish har qachongidanda dolzarbligini taʼkidladi. Qurolli Kuchlarda yurt oʻgʻlonlarining axloqiy-ruhiy tayyorgarligi va jangovar ruhini oshirish, turli murakkab va ogʻir vaziyatlarga nisbatan ruhiy bardoshliligini mustahkamlashga qaratilgan ishlar “Yuksak jangovar ruh — askarning yengilmas kuchi, armiyaning qudratidir!” degan konseptual gʻoya asosida amalga oshirilayotgani qayd etildi. 

Anjumanda Mudofaa vazirligi Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari vazirlik tizimida axloqiy-ruhiy tayyorgarlik va psixologik ishlarni tashkil etishning oʻziga xos xususiyatlari haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Kichik mutaxassislarni tayyorlash markazi professori, psixologiya fanlari doktori podpolkovnik Lochinbek Ravshanov, M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti psixologiya mutaxassisligi magistranti kapitan Ahad Ismoilov, Qurolli Kuchlar akademiyasining harbiy psixologiya sikli boshligʻi podpolkovnik Sherzod Ravshanov, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va harbiy aloqa instituti boshligʻi oʻrinbosari, psixologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent podpolkovnik Fayzullo Shermatov oʻz maʼruzalarida zamonaviy harbiy toʻqnashuvlarda psixologik xizmatning oʻrni, harbiy boshqaruvda pedagogik va psixologik bilimlarning ahamiyati xususida qiziqarli fikr-mulohazalarini bildirdi.

Kunning 2-yarmida anjuman ishi shoʻbalarga boʻlingan holda davom etdi. Unda Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya hamda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlaridagi harbiy jamoalarda psixologik xizmatni tashkil etish tartibi boʻyicha vazirlik va qoʻmondonliklar vakillari oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashdi.

Maʼlumot oʻrnida keltirish kerakki, bugungi oʻquv-uslubiy yigʻin ertaga “Chirchiq” dala-oʻquv maydonidagi oʻquv nuqtalarida davom etadi.

Manbaa: O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi sayti

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech