Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, yorqin sharlar bilan bezatilgan karton qutidan fotoramka yasash jarayoni bolalarning nozik motorikasini, tasavvurini rivojlantirish, ularga did va uslub tuyg‘usini singdirish, sabr-toqat va mehnatsevarlikni rivojlantirishga xizmat qiladi. Bolalar psixologiyasi markazining azaliy do‘stlari hisoblangan, Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent filiali talabalaridan tashkil topgan volontyorlar guruhi bolalarga foto ramka yaratishda yordam berib, ularni o`quv qurollari bilan ehtiyotkorlik bilan ishlashlarini kuzatishdi va bezatish bo`yicha o`z takliflarini berishdi.
Ishtirokchi bolalarning tayyor bo`lgan sehrli foto ramka bilan tushgan rasmlari Yangi yil archasi tasviri tushurilgan stendga joylashtirildi.
So‘ngra mahorat darsining barcha ishtirokchilari va mehmonlari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni general-mayor R.Djurayev va Ijtimoiy himoya milliy agentligining Toshkent shahar boshqarmasi direktor o‘rinbosari U. Nazarmatov, shuningdek, Yashnobod tumani hokimiyati vakillari, bolalar tahsil olayotgan maktab va kollejlarning direktorlari va o‘qituvchilari Sent-Ekzyuperining “Kichik shahzoda” ertak hikoyasi asosida tayyorlangan myuzikl premyerasiga taklif etildi.
Tarbiyachilar va xoreograf V.Gordienko rahbarligida 30-sonli “Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchilarining ijodiy guruhi tomonidan tayyorlangan musiqiy chiqishlar tomoshabinlarni sehrli yurtga olib bordi. U yerda Kichik shahzoda do’sti Jin bilan birgalikda boshqa sayyoralarga tashrif buyurdi. O’zga sayyoralarning aholisi ularga turli xil insoniy fazilatlarni - yaxshi va yomonni tasvirlab berdi, bu esa qahramonlarni do'stlik, sevgi va mehr-oqibat qadriyatlarini o’rganishga undadi.
Bayram kechasi “Prezident sovg‘asi”ning topshirilishi, homiylarning syurprizlari hamda quvnoq, do‘stona muhitda tantanali kechki ovqat bilan yakunlandi.
Bo`lishmoq: