Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari hamda Qo‘riqlash boshqarmasi xodimlari tomonidan yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishini oshirish, harbiy bo‘linmalar faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ochiq eshiklar kuni tadbirini o‘tkazish anʼanaga aylangan. Kuni kecha Milliy gvardiya Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasida o‘tkazilgan navbatdagi tadbir Termiz shahridagi umumtaʼlim maktablari o‘quvchilari, otaliqqa olingan yoshlar uchun unutilmas xotiralarga boy bo‘ldi. Tadbirda yoshlar Milliy gvardiya hamda Qo‘riqlash xizmati faoliyati, maxsus texnika va jihozlari haqida tushunchalarga ega bo‘ldilar. Tadbir doirasida xizmat otlari vazifalari xususida maʼlumotlar berilib, yoshlar otda sayr qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Kamondan otish sport turini yana-da ommalashtirish va targ‘ib etish maqsadida bugungi kunda Milliy gvardiya xodimlari tomonidan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ochiq eshiklar kunida ham ishtirokchilarga mazkur merganlar sporti haqida tushunchalar berilib, amaliy tarzda mashg‘ulotlarda o‘zlarini sinab ko‘rdilar.
Harbiy qismga sayohat yakunida "Uch avlod uchrashuvi" o‘tkazildi. Milliy gvardiyaning faxriylari, ofitserlari o‘zlarining tajribalari, o‘z ish faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bilan o‘rtoqlashdilar. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga masʼullardan zarur tavsiya va maʼlumotlar oldilar.
Bo`lishmoq: