Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida oʻtkazilgan yigʻilishda yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning taʼlim imkoniyatlarini yaxshilash vazifasi qoʻyildi. Shu maqsadda 17-18 dekabr kunlari Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Milliy gvardiya hamkorligida Sirdaryo viloyati Baxt shahrida joylashgan Respublika oʻgʻil bolalar oʻquv-tarbiya muassasasi va poytaxtimizdagi 22, 30-sonli Mehribonlik uylarining 14-18 yoshdagi 180 nafar tarbiyalanuvchilari uchun huquqni muhofaza qilish tizimidagi taʼlim muassasalariga ekskursiya tashkil etildi.
Ekskursiya davomida bolalar harbiy litseylar va oliy taʼlim muassasalarining taʼlim jarayonlari, yaratilgan sharoitlar hamda bu sohalardagi kasbiy imkoniyatlar bilan tanishishdi. Shuningdek, ularga vatanparvarlikning ahamiyati, harbiy xizmatning sharafi va davlatga xizmat qilishning istiqbollari haqida maʼlumotlar berildi.
Ekskursiya yakunida qiziqqan bolalarga masʼul xodimlar biriktirildi, ular bolalarni ushbu yoʻnalishda taʼlim olish va kasb tanlashga yoʻnaltirib boradi. Bunday tashabbus yoshlar oʻrtasida vatanparvarlik tarbiyasini kuchaytirish va ularning kelajakdagi kasbiy rivojlanishini taʼminlashga qaratilgan.
Bo`lishmoq: