Milliy gvardiya tizimida yigitlar bilan yelkama-yelka xizmat qilayotgan qizlarning soni kun sayin ortib bormoqda. Ayol harbiy xizmatchilar o’z xizmat vazifasi bilan birga oila va ro‘zg‘or yumushlarini o‘z o‘rniga qo‘yishayotganligi ham tahsinga sazovor. Bugun ular o’rtasida bo’lib o’tgan ko’rik tanlov ham ularni har jabhada mohirligini isbotladi.
Tadbir avvalida so’z olgan Milliy gvardiya qo’mondoni o’rinbosari polkovnik S.Mamayusupov “Gender tenglik faoli” milliy tanlovining respublika bosqichida Milliy gvardiya “Gender tenglikni taʼminlashda eng faol respublika darajasidagi davlat organi” deb topilganligini alohida e’tirof etdi.
Shundan so’ng, ayol harbiy xizmatchilar tanlovning shartlari bo’yicha bellashuvga kirishdilar. Ular turli viloyatlarga mansub oshlarni tayyorlash bilan cheklanmadilar va somsa, chuchvara hamda turli shirinliklar pishirish bo’yicha ham bellashdilar.
Osh tayyor boʻlgunga qadar, ayol harbiy xizmatchilar tomonidan ona Vatanimizni, oʻz tilimizni madh etuvchi koʻplab sheʼr va oʻzimizning milliy kuylarimizdan bo’lgan yor-yor, oʻlan va laparlar aytib o’tildi.
Palov bahona madaniy hordiq va doʻstona suhbat tadbirga oʻzgacha shukuh bagʻishladi. Samimiy muloqotda bu kabi tadbirlar jamoalarda hamjihatlikni mustahkamlash, yoshlarni qadriyatlarimizga nisbatan hurmat ruhida tarbiyalashda katta ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.
Tadbir ijodkor ayol harbiylar tomonidan tayyorlangan raqslar va teatrlashtirilgan sahna koʻrinishlari bilan davom etdi.
Bu kabi tashabbuslar nafaqat milliy qadriyatlarimizni targ’ib qilish, balki o’zbek madaniyatiga bo’lgan hurmatni oshirishga xizmat qiladi.
Bo`lishmoq: