Xorazm viloyatida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi

09.Fev.2025

O‘zbek adabiyoti va maʼnaviyatining yirik namoyandalaridan biri, buyuk mutafakkir va shoir Mir Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi munosabati bilan Xorazm viloyatida katta maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbir Urganch shahridagi Viloyat axborot-kutubxona markazida bo‘lib o‘tdi. Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi hamda “Qo‘riqlash” boshqarmasi xodimlari ishtirokida “Navoiy – qalblarda mangu barhayot” shiori ostida o‘tkazilgan mazkur tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, professor-o‘qituvchilar, Yoshlar ittifoqi aʼzolari hamda UrDU akademik litseyi o‘quvchilari ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘z olganlar Mir Alisher Navoiyning boy maʼnaviy merosi, uning o‘zbek va jahon adabiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi, insonparvarlik g‘oyalari va g‘azallaridagi yuksak maʼnolar haqida fikr yuritdilar. Shuningdek, yoshlar uchun Navoiy ijodini chuqur o‘rganishning ahamiyati taʼkidlanib, ulug‘ shoir g‘oyalarini bugungi kunda ham targ‘ib etish muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, tadbir davomida ishtirokchilarga Navoiy asarlaridan g‘azallar o‘qib eshittirildi, ijodiy chiqishlar hamda kitob ko‘rgazmalari tashkil etildi. Tadbir samimiy va iliq muhitda o‘tdi, yoshlarning buyuk siymolarga bo‘lgan hurmati va qiziqishini oshirishga xizmat qildi. O‘tkazilgan tadbir davomida faol ishtirok etgan yoshlar diplom va kitoblar bilan taqdirlandilar.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech