MADANIY XORDIQ – SAMARALI XIZMAT GAROVI

16.Sen.2024

Har qachon teatr insonni tarbiyalab, o‘zidan nur taratuvchi maskan bo‘lib kelgan. Bir vaqtlar maʼrifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiy “Teatr bu ibratxonadir” – degan bo‘lsa, bugun yurtboshimiz “Teatr bu maʼnaviyat o‘chog‘i, ijod ahli inson qalbining muhandislaridir” – deb yuksak tarifni berdilar. Umuman olganda, har doim ham teatr bu hayotiy saboqlar beruvchi jonli vositadir.
Kuni kecha Milliy gvardiya Farg‘ona mintaqaviy o‘quv markazi xodimlari hamda ularning oila aʼzolari, shuningdek tinglovchilar va muddatli harbiy xizmatchilarining dam olish kunlarini maroqli va mazmunli o‘tkazish maqsadida Marg‘ilon shahar musiqali maqom teatriga sayohat tashkil etildi.
Sayohat davomida teatr jamoasining tayyorlab kelgan “Uvaysiy” nomli spektakl va kuy-qo‘shiqlari tomoshabinlar tomonidan olqishlab borildi. Sho‘x-shodon qo‘shiqlarga bolajonlar raqsga tushishdi. Sahnalashtirilgan chiqishlarda ezgulik va yovuzlik, yaxshilik va yomonlik o‘rtasidagi doimiy kurash aks etgan bo‘lib, xodimlarning maʼnaviy xordiq chiqarishlari uchun zamin hozirladi.
Bundan tashqari, Milliy gvardiya Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda “Qo‘riqlash” boshqarmasi tashabbusi bilan harbiy xizmatchi va xodimlar, shuningdek, ularning oila aʼzolari uchun ham viloyat musiqali drama teatriga tashrif tashkillashtirildi.
Aktyorlar tomonidan namoyish etilgan ijro va bir birini takrorlamas hayotiy tasvirlar o‘zining tarbiyaviy ahamiyatga ega ekanligi bilan ko‘plab mushohadalarga sabab bo‘ldi. Tarbiyaning taʼsirchan vositasi bo‘lmish mazkur spektakldagi oilaviy munosabatlar, ulardagi insoniy fazilatlar va kelib chiqishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlar tomoshabinlar uchun hayotiy saboq vazifasini o‘tadi.
Taʼkidlash joizki, bu kabi tadbirlar harbiy xizmatchilar va xodimlardagi oilaviy munosabatlarni yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi desak adashmagan bo‘lamiz.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech