“Mening armiyam – mening faxrim” mavzusida harbiy xizmatchilar va xodimlar hamda ularning farzandlari oʻrtasida eng yaxshi tasviriy sanʼat asarlari rasmlar tanlovining respublika bosqichi oʻtkazildi

06.Yan.2025

Bugun Oʻzbekiston Badiiy akademiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Milliy gvardiya tizimida “Mening armiyam – mening faxrim” mavzusida harbiy xizmatchilar va xodimlar hamda ularning farzandlari oʻrtasida eng yaxshi tasviriy sanʼat asarlari rasmlar tanlovining respublika bosqichi oʻtkazildi.

Unda tasviriy va amaliy sanʼat sohasining yetuk vakillari ishtirok etishdi. Tadbirni Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi Oʻzbekiston xalq rassomi Akmal Nuriddinov ochib berdi.

Ushbu tanlovda respublikamiz boʻylab oʻtkazilgan “Mening armiyam – mening faxrim” mavzusidagi rasmlar tanlovining saralash bosqichlaridan oʻtgan Milliy gvardiyaning hududiy boʻlinmalarining harbiy xizmatchilari va ularning farzandlari, Jamoat xavfsizligi universiteti kursantlari hamda Toshkent “Temurbeklar” maktabi oʻquvchilarining mavzuga oid chizgan rasmlari va sanʼat asarlari baholab borildi.

“Mening armiyam – mening faxrim” mavzusiga bagʻishlangan rasmlar va sanʼat asarlari “Vatan”ni oʻzida mujassam etgan boʻlib, mazkur ijodiy ishlarda yoshlarning ona yurtiga boʻlgan sadoqati va fidoyiligi ifodalangan.

Tanlovda gʻolib boʻlgan yoshlarimiz joriy yilning 8 yanvar kuni boʻlib oʻtadigan Qurolli Kuchlar oʻrtasidagi “Mening armiyam – mening faxrim” eng yaxshi tasviriy sanʼat asarlari rasmlar tanlovida ishtirok etishadi.

Shu oʻrinda alohida taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston Badiiy Akademiyasi oʻzbek xalqi milliy merosining ajralmas, nodir qismi sifatida Vatanimiz hududida qadim zamonlardan mavjud boʻlgan jahon tasviriy, amaliy, miniatyura sanʼati tarixi va rivojiga buyuk hissa qoʻshgan badiiy maktablarimizning uzviy davomchisidir. Shu boisdan bu kabi tadbirlarning ushbu maskanda oʻtkazilishi oʻquvchi-yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda har tomonlama yetuk, intellektual va maʼnaviy salohiyatli etib tarbiyalashga zamin yaratadi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech