Milliy gvardiya harbiy xizmatchi va xodimlari oʻrtasida oʻtkazilgan “Eng yaxshi kitobxon” koʻrik-tanlovi gʻoliblari aniqlandi

07.Yan.2025

Poytaxtimizdagi Turon kutubxonasida boʻlib oʻtgan “Eng yaxshi kitobxon” tanlovining yakuniy respublika bosqichi oʻtkazildi, unda tizimning hududiy bosqichlarida yuqori natijaga erishgan 19 nafar harbiy xizmatchi va xodimlar ishtirok etdi.

Ishtirokchilar “Biz buyuk sarkardalar avlodimiz”, “Jahon tamadduni va oʻzbek xalqi madaniyati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan allomalarimiz” hamda “Mustaqil vazifa” shartlari boʻyicha sinovdan oʻtkazildi.

Xususan, ishtirokchilar tomonidan shartlar davomida qadimiy va betakror diyorimizdan yetishib chiqqan buyuk sarkardalar, allomalar, adib va mutafakkirlarimizning boy maʼnaviy merosi, harbiy sanʼati, madaniyati, dunyoviy va diniy ilm-fan taraqqiyotiga qoʻshgan ulkan hissasi, ularning noyob asarlari, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyati atroflicha tahlil etildi.

Hakamlar hayʼati tomonidan ishtirokchilarni baholashda adolat mezoni asosida, ularning tayyorgarligi, bilimi, asarni ifodali va taʼsirli oʻqishi hamda kitobxonlik mahoratiga eʼtibor qaratildi.

Gʻoliblar Adbulla Qodiriy memorial muzeyida tantanali ravishda Milliy gvardiyaning I, II va III darajali diplomlari hamda qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Yakuniy natijalarga koʻra koʻrik tanlovda Milliy gvardiya Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi leytenanti Qodirov Akram 3- oʻrinni egallagan boʻlsa, 2-oʻrin Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi katta leytenanti Yuldoshev Oybekka nasib etdi. Faxrli 1-oʻrinni esa Milliy gvardiya Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi katta leytenanti Rahmonov Nomozbek qoʻlga kiritdi.

Shu bilan birga, koʻrik tanlovning “Eng zukko kitobxon”, “Eng ilgʻor kitobxon”, “Eng zukko kitobxon” hamda “Eng bilimdon kitobxon” nominatsiyalari boʻyicha ham sovrindorlar munosib taqdirlandi.

Tantanali marosimda gʻoliblar Milliy gvardiya qoʻmondonligi masʼullari, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi-Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti ilmiy xodimi Serobov Xurshid, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Neʼmatov Zikrilla hamda Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi vakili Boysariyev Mansur va Axborot-kutubxona fondlarini jamlash xizmati rahbari Axmedova Nasibalar tomonidan taqdirlandi.

Shu bilan birga, tadbirning badiiy qismida ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar davraga oʻzgacha kayfiyat bagʻishladi.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, mazkur tanlovlar harbiy xizmatchi va xodimlarning maʼnaviyatini yuksaltirish, ular oʻrtasida kitobxonlikni yanada ommalashtirish, milliy adabiyotimizning durdona asarlarini yosh avlod oʻrtasida keng targʻib etishda munosib oʻrin tutadi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech