Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining oila aʼzolari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan «Yangi O‘zbekistonning ibratli harbiylar oilasi» ko‘rik-tanlovi Respublika bosqichi g‘oliblari aniqlandi

16.May.2024

Milliy gvardiya Maʼnaviyat va maʼrifat markazida 15-may Xalqaro oila kuni munosabati bilan, shu bilan birga, «Mustahkam oila – jamiyat tayanchi» kabi konseptual g‘oyalar negizida «Yangi O‘zbekistonning ibratli harbiylar oilasi» nomli ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi o‘tkazildi.

Mazkur ko‘rik-tanlovda harbiy qism va muassasalar shaxsiy tarkibi orasida hurmat qozongan, jamiyatda insonlar bilan yaxshi munosabat o‘rnatib, farzand tarbiyasi masalasida o‘rnak ko‘rsatgan hamda har tomonlama ibratli harbiy oila bo‘la olgan harbiy xizmatchilarning oilalari ishtirok etishdi.

Ko‘rik-tanlovning respublika bosqichida kamida o‘n yillik oilaviy hayot tajribasiga ega bo‘lgan, hududiy tanlov g‘oliblari o‘z kuchlarini sinashdi.

Ishtirokchilarni baholash uchun hamkor tashkilot, jamg‘arma hamda muassasalar vakillaridan iborat hakamlar hayʼati yig‘ilib, oilalarni tanishtiruv, sahna ko‘rinishi va milliy anʼanalar, shuningdek, urf-odatlarni ko‘rgazmali namoyish etish shartlari bo‘yicha qilgan tayyorgarliklarini shaffof tarzda baholab bordi.

Yakuniy natijalar aniqlangandan so‘ng, tanlovning tantanali taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Unda Milliy gvardiya qo‘mondonligi, hamkor tashkilot vakillari ishtirok etib, g‘oliblar eʼlon qilindi. Unga ko‘ra, 3-o‘ringa Buxoro viloyati boshqarmasi harbiy xizmatchisi Achilovlar oilasi munosib deb topilgan bo‘lsa, 2-o‘rin Milliy gvardiya Toshkent viloyati Qibray tumanidagi harbiy qism nomidan ishtirok etgan Yo‘ldoshevlar oilasiga nasib etdi, faxrli 1-o‘rin bo‘lsa, Milliy gvardiya Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchisi Do‘smonovlar oilasiga nasib etdi.

G‘oliblar diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan tantanali taqdirlandi.

Bundan tashqari tanlov ishtirokchilari turli nominatsiyalar bo‘yicha ham rag‘batlantirildi.

Yakunda Milliy gvardiya Maʼnaviyat va maʼrifat markazi ashula va raqs ansambli xonandalari tomonidan konsert dasturi taqdim etilib, barchaga yana-da ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Bunday tanlovlarni o‘tkazilishidan ko‘zlanadigan asosiy maqsad Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va ularning oila aʼzolari ongida tariximiz, milliy anʼanalarimiz va urf-odatlarimizga chuqur hurmat va ehtiromni yuksaltirish, ijodiy tashabbuskorliklarini shakllantirib, ular orasida sog‘lom raqobat muhitini qaror toptirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, oila institutini yana-da mustahkamlash, amalga oshirilgan sohaga oid ishlarni yangi marralarga ko‘tarishdan iborat.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech