Milliy gvardiya Maʼnaviyat va maʼrifat markazida “21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami” kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi

20.Okt.2023

Qadim turkiy tilimizni ilk bor ilmiy asosda tadqiq etgan buyuk alloma Mahmud Qoshg‘ariy fors tili malohat tili, arab tili fasoxat tili, turk tili esa siyosat va harb tili deya taʼkidlagan. Darhaqiqat, bugungi kunda turkiy tillar oilasiga kiruvchi o‘zbek tili siyosat va harb sanʼati, madaniyat va ilm-fan zaboniga aylanib bormoqda, o‘zbek tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy jabhalarda faol qo‘llanib, xalqaro minbarlarda baralla yangramoqda.

Yurtimizning barcha hududlarida bo‘lganidek, poytaxtimizda ham ushbu sana keng nishonlanmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Maʼnaviyat va maʼrifat markazida “21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami” kuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni o‘rinbosari, polkovnik S. Mamayusupov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya raisi M. Valiyev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir Muhiddin Omon, “G‘uncha” jurnali bosh muharriri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, yozuvchi Dilfuza Shomalikova, Milliy gvardiya Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi hamda “Qo‘riqlash” boshqarmasi harbiy xizmatchi va xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy musiqa akademik litseyi, Temurbeklar maktabi o‘quvchilari, Jamoat xavfsizlik universiteti kursantlari hamda Toshkent shahridagi 22-sonli “Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchilari ishtirok etdi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, ona tili – millatning ruhi, maʼnaviy qiyofasi, or-nomusi, orzu-umididir. Inson dunyoga kelibdiki, Vatani, Onasi, Oilasi qanchalik muqaddas bo‘lsa, ona tili ham shunchalik azizdir. Hattoki, go‘dak ham dunyoni ona tili orqali anglaydi. Usiz jamiyat rivojlanmaydi, taraqqiy topmaydi. Ona tili – millatning birligi va birdamligining timsolidir.

Tadbirning badiiy qismi esa yig‘ilganlarga xush kayfiyat ulashdi. Milliy gvardiya Temurbeklar maktabi harbiy akademik litseyi o‘quvchilari tomonidan o‘zbek tili rivojiga hissa qo‘shgan buyuk adiblarimiz hayoti va ijodiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishi, Milliy gvardiya Harbiy musiqa  akademik litseyi o‘quvchilari tomonidan badiiy va musiqiy chiqishlar tadbir qatnashchilari eʼtiboriga havola etildi.

Tadbir so‘ngida Milliy gvardiya tizimidagi harbiy xizmatchi va xodimlar o‘rtasida o‘tkazilgan “Eng yaxshi shoir va adib” ko‘rik tanlovi natijalariga ko‘ra g‘olib va sovrindor deb topilganlar taqdirlandi.

Jumladan, ushbu ko‘rik tanlovda faol ishtirok etganligi uchun Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani “Qo‘riqlash” bo‘limi xodimi, katta serjant G. Nazirova tashakkurnoma bilan taqdirlangan bo‘lsa, faxrli uchinchi o‘rin va qimmatbaho sovg‘a Milliy gvardiya harbiy  qism kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchisi, oddiy askar A. Umbarovga topshirildi. Ko‘rik tanlovda ikkinchi o‘rin sohibi Milliy gvardiya Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchisi, kichik serjant S. Sohibov bo‘ldi, tanlovning g‘olibi deb esa, Jamoat xavfsizligi universiteti kursanti F. Baxtiyorov topildi hamda diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech