Jamoat xavfsizligi universitetida tashkil etilgan mazkur o‘quv-yig‘ini ikki kun davom etib, dastlab unda ishtirokchilar bilan saf tayyorgarligi bo‘yicha sinovlar o‘tkazildi.
O‘quv-yig‘in qatnashchilari eng zamonaviy texnologiyalar asosida qayta taʼmirdan chiqqan universitet binosi bilan yaqindan tanishib, u yerda kursant va talabalar uchun yaratilgan barcha sharoitlarni alohida eʼtirof etishdi.
Shundan so‘ng, Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari, polkovnik S.Mamayusupovning “Joriy yilda amalga oshirilgan ishlar: muammo va kamchiliklar hamda istiqboldagi vazifalar” to‘g‘risida masʼul rahbarlar bilan ochiq muloqot shaklida uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, uchrashuv doirasida harbiy kadrlar bilan ishlash tizimini rivojlantirish, tarbiyaviy ishlar, harbiy intizomni mustahkamlash, shu bilan birga jinoyatchilik va huquqbuzarliklar profilaktikasi borasida ham davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
O‘quv-yig‘in doirasida bir qator tashkilotlar, xususan Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat boshqaruvi akademiyasi, O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi hamda O‘zbekiston mahallalar uyushmasining soha mutasaddilari tomonidan davlatimizda yoshlar siyosatiga oid olib borilayotgan ishlar ko‘lamini yana-da kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan maʼruzalari tinglandi.
Amaliy hamda nazariy mashg‘ulotlar qatorida uzoq va yaqin masofaga yugurish, o‘q otish hamda taktik tayyorgarlik, shu bilan bir qatorda maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik bo‘yicha harbiy xizmatchilar bilan darslar tashkil etildi.
O‘quv-yig‘ini yakunida ishtirokchilarning Abdulla Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy tadqiqot instituti muzeyi hamda Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatriga bo‘lgan tashrifi harbiy xizmatchilarning maʼnaviy dam olishiga xizmat qildi.
Bo`lishmoq: