Milliy gvardiya Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Qo‘riqlash boshqarmasi tashabbusi bilan Namangan tumani Olaxamak mahallasida joylashgan kasb-hunarga o‘qitish markazida “Milliy gvardiya yoshlar bilan hamnafas” shiori ostida yoshlar uchun maxsus sayl tashkil etildi. Ushbu tadbirda Milliy gvardiya Namangan viloyati Qo‘riqlash boshqarmasi boshlig‘i, viloyat harbiy prokurori va viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi hamda tuman sektor rahbarlari ishtirok etib yoshlarga o‘zlarining samimiy tilaklarini bildirishdi. Shundan so‘ng Milliy gvardiya harbiy xizmatchi va xodimlari tomonidan tayyorlangan ko‘rgazmali chiqishlar hamda sportchi yoshlar ijrosidagi sport elementlari namoyishi yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyatlar ulashdi. Bu kabi ko‘rgazmali chiqishlar yoshlarda harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishni oshirib, ularni vatanparvarlikka ilhomlantirdi.
Tadbir doirasida kasb-hunarga o‘qitish markazining majlislar zalida yoshlar va rahbarlar uchrashuvi o‘tkazildi. Bu uchrashuv yoshlarning savollari, tashabbuslari va qiziqishlarini o‘rganishga yo‘naltirilgan bo‘lib, ularga rahbarlar tomonidan javoblar berildi va yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida maʼlumotlar berildi.
Tadbirga taklif etilgan yoshlar kamondan otish, armrestling, shaxmat-shashka, arqon tortish, tosh ko‘tarish kabi sport turlari bo‘yicha bellashishdi. Bu bellashuvlar yoshlarning sportga qiziqishini oshirishga, jismoniy tayyorgarligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tadbir yakunida Milliy gvardiya tomonidan ishtirokchilar uchun tushlik tashkil etildi. Tadbir barcha qatnashuvchilarda katta taassurot qoldirdi. Bu kabi tadbirlar yoshlarning harbiy xizmatga qiziqishini oshirish hamda ularni jismonan va maʼnan kamolga yetkazishda muhim ahamiyatga ega.
Bo`lishmoq: