“Olamni mahliyo aylagan diyor!”

09.Dek.2023

“Oʼzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi toʼgʼrisida”gi Qonun qabul qilinganligining 31 yilligi munosabati bilan “Olamni mahliyo aylagan diyor!” shior ostida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʼtkazildi.

Joriy yilning 9-dekabr kuni poytaxtimizdagi Oʼzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyaning Maʼnaviyat va maʼrifat markazida Oʼzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilinganiga 31 yil toʼlishi munosabati bilan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi va tegishli vazirliklar hamkorligida “Olamni mahliyo aylagan diyor!” shiori ostida tantanali bayram tadbiri boʼlib oʼtdi.

Unda davlat va jamoat arboblari, xalq ichida katta hurmat qozongan olimlar, taniqli shoir va yozuvchilar, respublika va xalqaro tanlovlar hamda sport musobaqalarining gʼoliblari boʼlgan sportchilar, raqs guruhlari, mashhur sanʼatkorlar, milliy-madaniy markazlar vakillari, «Maʼrifat» targʼibotchilar jamiyati aʼzolari, Milliy gvardiya qismlari, faol yoshlar, OАV vakillari va keng aholi ishtirok etdi.

 Bayram tadbirida harbiy qism askarlari, kursantlar va "Temurbeklar maktabi" oʼquvchilari ishtirokida vatanparvarlik mavzusida saf qoʼshiqlari hamda harbiy jang sanʼati namunalari asosida sahna koʼrinishlari namoyish etildi. 

“Yangi hayot uchun, Yangi Oʼzbekiston uchun!” degan ulugʼvor gʼoyani bayroqdek baland tutgan mardona xalqimiz taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qoʼyayotir. Soʼnggi yillarda yuz berayotgan tarixiy oʼzgarishlar barobarida aholining yurt taqdiriga, uning muqaddas ramzlariga, elimizning ertasi, nurli kelajagiga boʼlgan munosabati ham oʼzgarib bormoqda. Аna shu islohotlar qanotida yurtdoshlarimizning Ona Vatanimiz — jonajon Oʼzbekistonning ertangi kuniga ishonchi ortayotir. 

Bugun “Oʼzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi toʼgʼrisida”gi Qonun qabul qilinganligining 31 yilligi yurtimiz boʼylab keng nishonlanayotgani ham xalqimiz qalbida Ona Vatandan gʼururlanish tuygʼusini yana bir karra yuksaltirishga, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega boʼlmoqda. 

Bu galgi bayram oldingilaridan farqli ravishda, keng koʼlamda koʼtarinki kayfiyatda nishonlanmoqda. Mamlakatimiz boʼylab taʼlim muassasalaridan tortib, barcha davlat idoralari, tashkilot, korxonalarda kun Davlat madhiyasini joʼr boʼlib kuylashdan boshlandi. Shuningdek, mamlakatimizdagi barcha harbiy qismlar, harbiy bilim yurtlari va boshqa huquq-tartibot muassasalarida ham “Olamni mahliyo aylagan diyor” shiori ostida harbiy vatanparvarlik tadbirlari boʼlib oʼtdi. 

Vatan madhiyasi — u shunday sehrli qoʼshiqki, u xalqni birlashtirishdek ulugʼ va nihoyatda ezgu kuchga ega. Uni kuylaganda barchamiz shu yurt taqdiriga daxldor, mana shu ona tuproqning bir zarrasi ekanimizni dildan his qilamiz. Vatan qoʼshigʼini, madhiyamizni kuylaganda barchamiz qalban birlashamiz, Yangi Oʼzbekiston xalqi buyuk maqsad yoʼlida bitta qalbga aylanmoqda. Zero, muhtaram Prezidentimizning “Yangi Oʼzbekistonni bunyod etish”, “Uchinchi Renessans poydevorini yaratish” bilan bogʼliq daʼvatlari har birimizni yanada hamhijat boʼlib yangi davrning bunyodkori boʼlishga chorlamoqda. 

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi Milliy gvardiya qoʼshinlarining Maʼnaviyat va maʼrifat markazida “Olamni mahliyo aylagan diyor!” shior ostida oʼtkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda soʼzga chiqqanlar ana shu muqaddas tuygʼular haqida, yurt qoʼshigʼining hayotimizdagi oʼrni xususida toʼxtalib oʼtishdi.

Tadbir davomida Oʼzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kunning 31 yilligi munosabati bilan bir guruh ziyolilar, maʼrifat targʼibotchilari “Maʼnaviyat fidoyisi” koʼkrak nishoni bilan taqdirlandi. 

Maʼlumot uchun, 2017 yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan davlat madhiyasi matnini bitgan isteʼdodli shoirimiz, Oʼzbekiston Qahramoni Аbdulla Oripov nomini abadiylashtirish maqsadida Qarshi shahrida Аbdulla Oripov nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib oʼqitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internati tashkil etildi. Bundan tashqari, shoir ijodiga xalqimizning yuksak hurmati ramzi sifatida poytaxtimizdagi muhtasham Аdiblar xiyobonida Аbdulla Oripov haykali qad rostladi. 2016 yilda esa, madhiyamiz musiqasi muallifi — Oʼzbekiston xalq artisti, atoqli kompozitor Mutal Burhonov tavalludining 100 yilligi keng nishonlandi. 

Bugun yurtimizning aholi gavjum goʼshalari yanada chiroy kasb etib, bayramona bezatildi. Ona yurtimiz bayrogʼi baland koʼtarilib, davlat madhiyasi yangradi. Hududlarda boʼlib oʼtayotgan bayram sayllari, kontsert dasturlari yurtdoshlarimizga koʼtarinki kayfiyat bagʼishlamoqda. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, «Maʼrifat» targʼibotchilar jamiyati aʼzolari hududlardagi bayram tadbirlarida ishtirok etib, “Oʼzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi toʼgʼrisida”gi Qonuni, uning mazmun-mohiyati, madhiyamizning hayotbaxsh, ruhlantiruvchi kuchi va ayniqsa, millatimiz tarixidagi oʼrni haqida maʼruzalar qildi. Zero, bu qoʼshiq — jadid bobolarimizning ezgu armonlari ijobatidir, milliy gʼurur va milliy ruhni oʼzida mujassam etgan buyuk qoʼshiqdir. Bu qoʼshiqni kuylaganda boshimiz tik, ovozimiz baland, ruhimiz koʼkka yuksaladi. 

Dunyo maydonlarida sportchilarimiz yuqori marralarni egallab, shohsupaga koʼtarilib, madhiyamiz yangraganda qalbimizni behad shukronalik hislari chulgʼab oladi, beixtiyor mijjalarimizga yosh qalqiydi. Toza qon buzilmasdir, bugun har bir millatdoshimiz tomirlarida buyuk ajdodlarimiz qonlari joʼshmoqda. Zero, oʼz zamonlarida jahonni titratgan buyuk davlatu saltanatlar qurgan ajdodlarimizning shon-shuhrati, shavkati ushbu qoʼshiq satrlarida mujassamdir.

Oʼzbekiston Respublikasi madhiyasi yoshlarda Vatanga muhabbat, boy tariximizga, milliy oʼzligimizga, milliy birligimizga chuqur hurmatni shakllantirishda, farzandlarimizning har tomonlama barkamol va yetuk insonlar boʼlib voyaga yetishida muhim tarbiyaviy vosita boʼlib xizmat qiladi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech