Ozarbayjon Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – Ichki qo‘shinlar qo‘mondoni general-leytenant Sh.Mamedov boshchiligidagi Ozarbayjon Respublikasi Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi ilk bor rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi.
Milliy gvardiya Markaziy devonida Faxriy qorovul bo‘linmasi ishtirokida mehmonlarni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi va unda Milliy gvardiya Alohida namunali harbiy orkestri tomonidan ikki davlat madhiyalari ijro etildi.
Tadbir davomida delegatsiyasi aʼzolari Milliy gvardiya bo‘linmalarida xizmat qilib, o‘z burchini bajarish chog‘ida qahramonlarcha halok bo‘lgan safdoshlarimiz xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik poyiga gulchambar qo‘yishdi. Shuningdek, anʼanaga ko‘ra, general-leytenant Sh.Mamedov daraxt ekish marosimida ishtirok etdi.
Shundan so‘ng, Xalqaro hamkorlik boshqarmasi majlislar zalida ikki tomon o‘rtasidagi o‘zaro muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Unda harbiy taʼlim sohasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish, jangovar va maxsus tayyorgarlikni tashkil etish va tajriba almashish, shuningdek, jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash borasidagi masalalar muhokama qilinib, hamkorlikdagi istiqbolli rejalar belgilab olindi.
Tashrif davomida mehmonlar Toshkent shahridagi “Qo‘riqlash” boshqarmasi faoliyati, Milliy gvardiya Situatsion markazining moddiy-texnik bazasi va faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. So‘ngra mehmonlar Jamoat xavfsizligi universiteti, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Bolalar psixologiyasi markazi hamda Yoshlar innovatsion markazi faoliyati bilan tanishishdi. Shundan so‘ng poytaxtimizdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyida ham bo‘lib katta tassurotlar bilan qaytishdi.
Mazkur tashrif Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – Ichki qo‘shinlar qo‘mondoni general-leytenant Sh.Mamedovning mamlakatimizga ilk tashrifi bo‘lib, bu O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlarining mustahkamlanishi, ko‘p qirrali hamkorlik, jumladan, huquq-tartibot idoralari, harbiy va boshqa sohalarda ham hamkorlik kengayib borayotganidan dalolatdir.
Bo`lishmoq: