Shahidlar xotirasi maydonida “Shahidlar – boqiy qahramonlar” nomli ma'naviy-ma'rifiy tadbir boʻlib oʻtdi

08.Okt.2024

Poytaxtimizning Yunusobod tumanida joylashgan Shahidlar xotirasi maydonida Milliy gvardiya Jamoat xavfsizligi universiteti professor-oʻqituvchilar va kursantlari ishtirokida Vatanimiz ravnaqi yoʻlida aziz jonlarini fido qilgan ma'rifatparvar jadid bobolarimizga bagʻishlangan “Shahidlar – boqiy qahramonlar” nomli ma'naviy-ma'rifiy tadbir boʻlib oʻtdi.
Ma'lumki, 1938 yilning oktyabr oyi boshlari xalqimiz tarixiga qora kun sifatida muhrlanib qolgan. Oʻshanda elimizni bilimga, ziyoga chorlagan Qodiriy, Choʻlpon, Fitrat singari yurtning koʻplab asl oʻgʻlonlari Toshkentning oʻsha davrda qamishzoru botqoqlikdan iborat ovloq joy boʻlgan mana shu siz koʻrib turgan maydonda qatagʻon qurboniga aylandilar...
Ha, xalqimiz osoyishtaligining boʻlajak posbonlari uchun bu tashrif bejiz emas. Chunki, maydonga qadam qoʻyar ekansiz, vujudingizni allaqanday hissiyot chulgʻab oladi. Buning sababini tadbirda soʻz olgan mehmonlar hamda tarixchi olimlarning soʻzlaridan ham bilish mumkin. Ayni damda tasvirlardagi xalqimiz qahramonlari bu yoshlarni olqishlayotgandek, ushalmagan orzulari baxtiyor avlodlarga nasib etganidan quvnayotgandek edi goʻyo. Ular ruhini shod etish uchun Jamoat xavfsizligi universiteti badiiy jamoasi alohida qoʻshiq ham taqdim etdi. Shuni aytish kerakki, “Shahidlar” deb nomlangan ushbu qoʻshiq yaqindagina oʻtkazilgan Oʻzbekistonning barcha Qurolli kuchlari badiiy jamoalari va ijrochi yoshlarning “Eng yaxshi vatanparvarlik ruhidagi qoʻshiq” koʻrik tanlovida 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Yurakdan kuylanib, yurakkka etib borgan tarona oʻz-oʻzidan tadbir ishtirokchilarini “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyi tomon etakladi. Muzey ostonasidan qadam qoʻyganingiz hamon alamli oʻtmish goʻyo koʻz oʻngingizda jonlangandek boʻladi. Bu erdagi har bir eksponat, har bir tasvir – alohida tarix. Vatan neligini butun vujudi bilan tuygan, el hurligi, xavfsizligini koʻz qorachigʻidek asrashni sharaf deb bilgan Jamoat xavfsizligi universiteti yoshlari shahidlar nomini yod olib, ziyorat qilishar ekan, qalblarida oʻzgacha ruh, koʻzlarida uchqun porlardi. Zero, tarixni bilmay turib, milliy gʻurur va iftixor kelajak haqida gap boʻlishi mumkin emas.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech