Ikki buyuk siymo – hazrat Navoiy hamda shoh Bobur tavalludi ila sarafroz bo‘lmish bu oyda Farg‘onada ko‘plab anjuman va adabiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Bugun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi hamda Milliy Gvardiya viloyat boshqarmasi hamkorligida uyushtirilgan G‘azalxonlik tadbiri ham o‘zgacha ko‘tarinkilikda o‘tdi. Ustoz shoir-yozuvchilar, yosh ijodkorlar, o‘quvchilar, harbiy xizmatchilar ishtirokida o‘tgan adabiy tadbirni uyushmaning viloyat bo‘limi rahbari Dilshoda Ergasheva olib bordi.
Navoiy dahosiga ehtirom satrlari bilan boshlangan tadbir avvalida Milliy gvardiya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Anvarjon Musinov mutafakkir ajdodimizning ijodi hamda davlat arbobi sifatidagi beqiyos fazilatlari haqida fikr yuritdi. Buyuk shoir asarlarining bilimdoni Olimjon Obidjonov, taniqli adib va shoirlar Saydali Odilov, Zuhra Aliyeva, Go‘zal Oxunova nutq so‘zlab, tinglovchilarga Navoiy ijodining bemisl ummonidan dur-hikmatlarni saralab tortiq etdilar.
Daho shoir va unga bag‘ishlangan g‘azallar, sheʼrlar o‘qildi. Milliy gvardiya xizmatchilari tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlar hamda harbiylar farzandlarining mushoirasi davraga yana-da fayz bag‘ishladi.
Tadbirda shuningdek uyushma tomonidan buyuk ajdodlarimiz hazrat Navoiy hamda mirzo Boburga ehtirom yuzasidan eʼlon qilingan videoroliklar tanlovi g‘oliblari taqdirlandi.
Ko‘ngillarga ziyo ulashuvchi nafis majlis katta-yu kichik ishtirokchilarda unutilmas taassurot qoldirdi.
Bo`lishmoq: