Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi miqyosida oʻtkazilgan “Oʻzbekiston tarixi” va “Temur tuzuklari” bilimdoni tanlovining respublika bosqichi yakunlandi

08.Yan.2025

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi va 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiy xizmatchilarning kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Milliy gvardiya tizimidagi muddatli harbiy xizmatchilariga sovgʻa sifatida taqdim etilgan kitoblaridan olgan bilimlarini mustahkamlash va takomillashtirish maqsadida “Oʻzbekiston tarixi” va “Temur tuzuklari” bilimdon tanlovining respublika bosqichi boʻlib oʻtdi.

Mazkur koʻrik tanlovning yakuniy bosqichi joriy yilning 8 yanvar kuni Temuriylar tarixi davlat muzeyida boʻlib oʻtdi.

Tadbirga Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi mas'ullari, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi, Temuriylar tarixi davlat muzeyining ilmiy xodimlari taklif etildi.

Koʻrik tanlov uchta shartdan iborat boʻlib, birinchi shartda ishtirokchilarning sohibqiron Amir Temurning davlat boshqaruvi, sarkardalik mahorati va harbiy sanʼati, dono va oqilona siyosatini haqida shuningdek, Vatanimiz tarixi haqidagi bilimlari tezkor ogʻzaki savol-javoblar asosida sinaldi. 

Ikkinchi shartda esa har bir ishtirokchiga “Oʻzbekiston tarixi” va “Temur tuzuklari” kitoblaridan 30 ta savoldan iborat test savollari berildi.

Yakuniy shart “Mustaqil vazifa” boʻlib, unda muddatli harbiy xizmatchilar oʻzlari tayyorlangan Sohibqiron Amir Temurning hayoti va ijodi, harbiy sanʼatiga bagʻishlangan sahna koʻrinishlari va Vatanni madh etuvchi sher va monologlari hayʼat aʼzolari tomonidan yuqori baholandi. 

Gʻoliblar Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondonligining 1, 2 va 3 darajali diplomlari hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Shuningdek, “Eng zukko ishtirokchi” va “Eng ilgʻor ishtirokchi” nominatsiyalari ham oʻz egalariga orkestr sadolari ostida tantanali ravishda topshirildi.

Mazkur koʻrik tanlov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 5 ta muhim tashabbusi doirasida muddatli harbiy xizmatchilarning maʼnaviyatini yuksaltirish, ular oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilish, kitob oʻqishga boʻlgan qiziqish va intilishlarini qoʻllab-quvvatlash, Vatanimiz tarixi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ijtimoiy hayot haqidagi bilimlarini yanada oshirishga xizmat qiladi desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech