Xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab quvvatlash, ularning jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolliklarini oshirish, oliy maʼlumotli ayollar safini kengaytirish, ilmiy faoliyatga va tadbirkorlikka jalb etish hamda ularning bandligini taʼminlash, kelajak avlod va farzand tarbiyasida, oilada sog‘lom maʼnaviy-axloqiy muhitni shakllantirishda ayollarning o‘rni muhimligi va ularning tibbiy madaniyatini oshirish maqsadida Milliy gvardiya Maʼnaviyat va maʼrifat markazida, Milliy gvardiya hamda Oila va xotin qizlar qo‘mitasi hamkorligida "Yangi O‘zbekistonning matonatli ayollari" I xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi.
Forumda Ispaniya, Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Turkiya singari 12 ta xorijiy davlatlar hamda O‘zbekiston Respublikasining 30 dan ortiq vazirlik, idora va birlashmalarining ekspertlari, oliy taʼlim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar va talabalar ishtirok etdi.
Spikerlar mamlakatimizdagi gender tengligidagi milliy xarakter, xotin-qizlarning davlat siyosati va harbiy sohadagi muhim o‘rni, milliy qadriyatlarimizdagi asosiy roli, taʼlimda ayollar, “Kuchli ayol, kecha va bugun”, Turon malikalarining davlat boshqaruvidagi o‘rni, Yangi taraqqiyot davrida xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish va boshqa bir qator dolzarb mavzular haqida so‘z olishdi.
Taʼkidlash joizki ayol – bu ona, tarbiyachi, ustoz, shifokor, rahbar, tadbirkor, matonat timsoli, vatan himoyachisi, mamlakatimiz uchinchi Renessansi asosiy ustunidir.
Tadbir doirasida O‘zbek ayoli milliy kiyimlar ko‘rgazmasi, faxriy qorovul, harbiylarning ko‘rgazmali chiqishi, Milliy gvardiya ansamblining xushovoz xonandalarining musiqiy guldastasi ham taqdim qilindi.
Forum so‘ngida ishtirokchilarga Milliy gvardiya qo‘mondonligi tomonidan sertifikatlar, tashakkurnomalar hamda estalik sovg‘alari topshirildi.
Bo`lishmoq: