Jamoat xavfsizligi Universitetida boks bo‘yicha ikki karra olimpiada chempionlari ishtirokida “Chempionlar va yoshlar uchrashuvi” o‘tkazildi
Xabaringiz bor, Parij-2024 XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan sportchilarimiz tomonidan juda ko‘plab tarixiy natijalar qayd etildi.
Xususan, boks bo‘yicha ikki karra Olimpiada g‘olibi, jahon, Osiyo va bir necha bor O‘zbekiston chempioni, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari Bahodir Jalolov hamda Xasanboy Do‘stmatovlarning ishtiroki va g‘alabasi barchada faxr-iftixor tuyg‘usini uyg‘otdi.
Milliy gvardiya qo‘mondonligi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda ham Jamoat xavfsizligi universiteti kursantlari ushbu sport ustalari bilan yaqindan tanishish va bevosita suhbatlashish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar Orkestr sadolari ostida tantanali kutib olindi. Dastlab chempionlar Universitet sport majmuasiga tashrif buyurib, u yerda kursantlarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi, shuningdek, yosh sportchilar bilan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishdi.
Shundan so‘ng, Universitet Ma’naviyat va ma’rifat markazi tadbirlar zalida sportchilar va kursantlar hamda talabalar ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi. Unda yoshlar tomonidan asosan sportchilarning Parij yozgi olimpiada o‘yinlari ishtirokiga oid ma’lumotlarga ko‘proq qiziqish bildirildi.
Tadbir ochiq muloqot tarzida o‘tkazilib, qiziqarli savol- javoblarga boy bo‘ldi, o‘z o‘rnida chempionlar ishtirokchilarning barcha savollariga samimiylik bilan javob qaytarishdi.
Shu bilan birga, tajribali sportchilar Universitetda yaratilgan bu kabi sharoitlarga faqatgina yaxshi bilim hamda sportdagi ulkan natijalar bilan javob qaytarish kerakligi haqida yoshlarga o‘zlarining kerakli tavsiyalarini berib o‘tishdi.
Marosim so‘ngida Universitet harbiy xizmatchisi boshchiligidagi kursantlar tarkibidan iborat ijodiy guruh tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar davraga o‘zgacha fayz bag‘ishladi
Bo`lishmoq: