Joriy yil 11 aprel kuni davlatimiz rahbari raisligida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish borasidagi dolzarb vazifalar yuzasidan o'tkazilgan yig'ilishda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo'lgan yoshlarning ijtimoiy ahvoli, qobiliyati va qiziqishlari o'rganilib, ular 3 toifaga ajratilganligi va endilikda ular bilan manzilli, aniq mezonlar asosida ishlanishi, shuningdek, davlat ko'magiga muhtoj yoshlar har bir vazir va uning o'rinbosarlari, viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari, rektorlar, Milliy gvardiya va harbiy qism komandirlariga nomma-nom biriktirilishi alohida ta'kidlab o'tilgan edi.
Shu munosabat bilan, belgilab berilgan vazifalarning amaliy ijrosini ta'minlash maqsadida, bugun Milliy gvardiya qo'mondoni, general-mayor R.Djuraev poytaxtimizdagi davlat g'amxo'rligi va e'tiborini kutayotgan, ko'makka muhtoj topilib, "ahvoli og'ir" toifaga kiritilgan yoshlar bilan uchrashdi.
Milliy gvardiya bolalar psixologiyasi markazida samimiy va ochiq tarzda tashkil etilgan mazkur uchrashuvda qo'mondon o'ziga biriktirilgan yoshlar bilan yaqindan tanishib, yoshlar bo'yicha Prezidentimiz tomonidan joriy etilgan yangi tizimning mazmun mohiyatini atroflicha tushuntirib berdi.
Juda qizg'in va sermazmun kechgan suhbatda yoshlar o'zlarini qiziqtirgan barcha savollarga, xususun, profilaktik hisob, ma'muriy nazorat va probasiya nazoratidan chiqish, muddatli harbiy xizmat, ishga va o'qishga kirish, sog'lig'i va boshqa bir qator masalalar yuzasidan javob olishdi. Shu bilan birga, ayrim savollar yuzasidan qo'mondon hamda mas'ul rahbarlar tomonidan yakka tartibdagi qabullar ham o'tkazildi.
Tadbir davomida aniqlangan barcha muammo va kamchiliklarni hal etishning zarur chora-tadbirlari va ularni amalga oshirish muddatlari belgilab olindi.
Uchrashuv so'ngida yoshlar Milliy gvardiya Ma'naviyat va ma'rifat markazi faoliyati bilan tanishtirilib ekskursiya tashkillashtirildi. Shuningdek, bolalar psixologiyasi markazi imkoniyatlari bilan ham yaqindan tanishtirilib, ularda faoliyat yuritayotgan IT-kompyuter savodxonligi, robototexnika, til o'rganish va sport to'garaklari hamda psixolog ko'magidan foydalanishdagi imtiyozlar bo'yicha ham batafsil ma'lumotlar berildi.
Бўлишмоқ: